2025-yil 27–28-noyabr kunlari Toshkent shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy kardiologiya markazida “O‘tkir holatdan tiklanishgacha: OKS va insultda ko‘p tarmoqli yondashuv” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, davolash samaradorligini oshirish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan dolzarb masalalarni yoritdi. Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda kardiologik xizmatni takomillashtirishga oid qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.
Konferensiya davomida:
o‘tkir koronar sindrom, insult va boshqa o‘tkir yurak holatlariga zamonaviy yondashuvlar;
jarrohlik davolashning yangi usullari;
exokardiografiya va innovatsion diagnostika imkoniyatlari;
komorbid holatlarga ega bemorlar bilan ishlash bo‘yicha samarali amaliyotlar muhokama qilindi.
Tadbirda yetakchi xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasining Shimoliy-G‘arbiy okrugi bosh kardiojarrohi Gennadiy Grigoryevich Xubulava ma’ruza bilan chiqdi va mahorat darsi o‘tkazdi. Rossiyalik mutaxassislar kardiologiya sohasidagi eng yangi ilmiy natijalar va innovatsion texnologiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Konferensiya yakunida:
klinik amaliyot uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi,
bir qator mahorat darslari o‘tkazildi,
kardiologiya sohasidagi eng yangi ilmiy ishlanmalar taqdim etildi.
Ushbu tadbir kardiologik xizmat sifatini yanada oshirish, xalqaro tajriba almashish va bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordamni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

















